Catalyst x Hududgazta’minot: yangi format va kiberxavfsizlik challenge’i
15-sentabr kuni Catalyst 4,5 million abonentga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya bilan yangi formatda o‘tdi: 30 dan ortiq ishtirokchi va 13 ta startap.

15-sentabr kuni StartupFest Catalyst dasturini “Hududgazta’minot” bilan birga o‘tkazdi. Bu Catalyst uchun yangi format edi: 4,5 million abonentga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyaning real texnologik vazifalari. Kun davomida 30 dan ortiq ishtirokchi va 13 ta startap yirik korporatsiya bilan yuzma-yuz keldi.
Dastur bir necha yo‘nalish bo‘yicha ochiq edi: kiberxavfsizlik va ethical hacking, sun’iy intellekt, GPS va logistika, AI call optimization hamda raqamlashtirish. Kiberxavfsizlik mutaxassislari va ethical hacker’lar uchun alohida challenge tashkil etildi — bu Catalyst tarixida ilk marta qo‘llanilgan format.
Kun qanday o‘tdi
Kun kompaniyaning ichki dunyosiga sho‘ng‘ishdan boshlandi. Ishtirokchilar taqdimot va obyektga tashrif orqali “Hududgazta’minot” qanday ishlashini o‘z ko‘zi bilan kuzatdi. Real jarayonlarni yaqindan ko‘rish — startaplar uchun kunning eng qimmatli qismi edi.
Shundan so‘ng jamoalar guruhlarga bo‘linib, o‘z g‘oyalarini kompaniya ehtiyojlariga moslashtirishga kirishdi. Kun davomida tushlik ham tashkil qilindi va muzokaralar, fikr almashinuvlar davom etaverdi.
Taqdimot va pilot
Kun oxirida barcha 13 ta startap sahnaga chiqib, bir kun ichida yaratgan ishlaydigan yechimlarini ekspertlar hay’ati oldida taqdim etdi. Har bir jamoaga jonli feedback berildi.
Eng kuchli jamoalar esa o‘z mahsulotini korxonada pilot sinovidan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.